Dasturchilikni qanday boshlaganim haqida

Feb 24, 2021

O'zi hammasi 8-sinf paytimda 9-sinfda o'qiydigan do'stimning "Блокнот"da informatika kitobiga qarab qandaydir g'alati narsalarni yozayotganini ko'rganimdan boshlangan. Ekranda Internet Exprorerda katta shriflar bilan "Menim birinchi veb-sahifam", tagida kichikroq shriftda boshqa gaplar yozilgandi. Keyin do'stimdan informatika kitobini berib turishini so'rab kitob bilan uyga qaytdim. U paytlari internet haqidagi tasavvurlarim hozirgidan ancha farq qilardi: "Jogl" (Google) degan narsaga "Alisher Navoiy referat" deb yozganda ".doc" fayl chiqarib bersa o'shaning ustiga bosish kerakligini bilardim. Shu yili dadam bizga noutbuk olib bergandi, kompyuterda ishlashni bilardimu, aytganimdek, internet haqida ko'p narsa bilmasdim. Maktab formani yechmasdan kompyuter oldiga o'tirdim va kitob bo'yicha yozilgan narsalarni birma-bir qilishni boshladim. Shunday qilib men o'sha kuni umrimda birinchi marotaba kod yozim. O'zimdan juda faxrlandim. Keyinchalik mustaqil ravishda kompyuterimdagi o'zim yoqtirgan rasmlarni ko'rsa bo'ladigan, musiqa va video fayllarni ustiga bossa "скачать" qiladigan HTML4 veb-saytcha yaratgandim.

Vaqt o'tdi, men litsey kirish imtihonlariga tayyorlanish uchun matematika va ingliz tilim ustida yaxshi ishlashim kerak edi. Qo'shimcha darslar, repetitorlar, IELTS, ... . Orada litseyda 1-kurs paytimda baxtsiz hodisa tufayli noutbugimdan ham ayrildim. Uydagilar 6-sinf paytimdan iqtisod yo'nalishida ketasan deb faqat matematika va ingliz tiliga urg'u berishimni xohlashgan. Shuning uchun dasturlashni hobbi sifatida o'rganishni ma'qul deb bilgandim. Shu sabab INHA universitetining o'sha yili yangi ochilgan logistika fakultetiga kirishni niyat qildim. Lekin bir do'stimning gaplaridan o'zimga ancha xulosalar chiqarib faqat bir sohani ushlashim kerakligini anglab yetdim. O'sha do'stim sabab men dasturlashni tanladim va birga o'rganishni boshladik.

Menda kompyuter yo'q, do'stimning esa noutbugi bor edi. Birga o'tirib uning kompyuterida video darslar ko'rardik. HTMLdan oz-muncha xabarimiz bo'lgani uchun frontend develpmentni o'rganish biz uchun yaxshi boshlangich qadam edi. Uyda kompyuter bo'lmagani uchun Samsung telefonchamda SoloLearn degan programma orqali HTML5, CSS3 va JavaScript asoslarini o'rganib chiqdim. SoloLearnda code-playground bor, o'sha joyda kod yozib har xil eksperimentlar qilib ko'rardim.

Men akam va qarindosh ukam bir xonada ijarada turardik. Ukamning sal keyinroq uyidan o'zing noutbugini olib keltirdi. Ba'zi-ba'zida o'sha kompyuterdan ishlatib turardim, lekin bu narsa akamga yoqmas edi. Chunki men abituriyent edim va akamning fikri bo'yicha men vaqtimni "zarur bo'lmagan narsa"lardan ko'ra, ko'proq test ishlashga sarflashim kerak edi. Shuning uchun ko'pincha akamdan qo'rqib o'sha noutbukni ham ishlata olmasdim. Men akamni ayblamayman albatta. Meni bu sohaga qiziqtirgan odamlardan biri akamning o'zlari bo'ladilar. Faqat o'sha vaziyatda prioritetni to'g'ri taqsimlab olishimni xohlaganlar xolos.

Shunday qilib, litseydan so'ng universitetga ham kirib oldim. Hali ham kompyuterim yo'q. USB fleshkam bo'lardi. O'sh fleshkada yasagan sahifachalarimni, Sublime Text dasturini olib yurardim va kutubxona kompyuterlaridan foydalanardim. Fleshkamda W3schools saytini klon qilingani ham bor edi, chunki har doim har internetga ulanish imkoni bo'lmasdi, men esa ba'zida esimdan chiqqan narsalarini o'sha saytdan qarab olardim.

Yotoqxonada 3 ta xonadoshim bo'lgan, uchalasining ham noutbugi bor edi. Ba'zida ulardan noutbuklarini so'rab turardim. Kechqurun noutbuklarini ishlatib bo'lishgach berib turishardi. Ertalabgacha uxlamasdan kod yozib chiqqan kunlarim ko'p bo'lgan.

Shu asnoda bitta fleshka bilan pulga veb-saytlar qilib berib, pul yig'a boshladim va bir necha oylardan so'ng o'zimga noutbuk sotib oldim. Ureee!!!

2,5 million so'mga, ishlatilgan DELL noutbugi edi, lekin ko'zimga dunyodagi eng zo'r kompyuter bo'lib ko'rinardi. Eski bo'lsa ham u mening o'zimning shaxsiy noutbugim edida! Endi men kuni bo'yi noutbugimdan ajralmasdim. Yangi narsalarni o'rganishim endi son va tezlashgan edi. O'sha yili men yana boshga proyektlar qilib kontraktimni to'ladim, do'stlarim bilan hakaton (hackathon) g'olibi bo'ldik va, asosiysi, o'zimning ilk React developer sifatidagi ishimni qo'lga kiridim. (Alhamdulillah)

Bu maqolani yozishdan sizga yetkazmoqchi bo'lganim shu ediki, qarorlaringizni dadillik bilan qabul qiling, ichingizdagi jo'shqinlikni aslo so'ndirmang va hech qachon to'xtab qolmang.

Omad yor bo'lsin!

...

Bu blogni qisqaroq bo'lishini uchun detallarga unchalik kirishmaslikka harakat qilib yozdim. Albatta, o'z hikoyamni batafsilroq yoritishim mumkin edi. Biroq sarlavhadagi mavzudan uzoqlashib ketishim ham turgan gap edi. Boshqa sarguzashtlarimni ham albatta mos sarlavha ostida ulashishga harakat qilaman. Shoyad, o'zingizga motivatsiya olsangiz yoki xulosalar chiqarsangiz.