"Python"ning o'zbekchasi nima bo'ladi?
Paytonmi?
Pitonmi?
Yoki Paysondir?
Bu tilning nomini har kim o'zicha aytadi. Ayniqsa o'rganishni endi boshlaganlar orasida ko'pchilik har xil ataydi. Sababi oddiy, o'zbek tilida zamonaviy dasturlash atamalari standarti yo'q!
Piton dasturlash tili bunga bir misol xolos. Shu paytgacha o'zbek tilida qancha dasturlashga oid maqolalar o'qigan bo'lsam, hammasida inglizcha so'zlar to'g'ridan to'g'ri ishlatilib ketilgan. Na qo'shtirnoq, na qavs bilan ajratilgan, na izoh berilgan.
Ha endi, dasturchi bo'lgandan keyin bu inglizcha so'zlarni bilishiyam kerakda!
To'g'ri, bilishi kerak. Lekin bu degani ularni o'zbekchasi bo'lmasin, tarjima qilinmasin degani emas! Kechirib qo'yasiz.
Tarjima qilish qiyin, o'zbek tili unchalik boy emas. Tarjima qilsa ma'no o'zgarib qo'pol bo'lib qoladi.
Asl o'zbekcha so'z bo'lishi shartmi? Sizga savol, "kompyuter" so'zi o'zbekcha so'zmi?
Til boy bo'lmasa, uni boyitishning usullari bor! Bu borada o'zimizdagi tarjimonlar bilan maslahatlashish niyatim bor o'zi.
O'zbek tilida dasturlashga oid atamalar alternativi bo'lishi shart. Bu ish ertami-kechmi qilinadi. Hozirdan harakat qilish kerak. Agar hozirdan qilinmasa ertaga chala savodlar tarjima qilishni boshlaydi baribir. Keyin tuppa-tuzuk "ma'lumotlar bazasi"ni "berilganlar bazasi" deb o'tiramiz.
O'zbekcha matnda boshqa tildagi so'zlarni aralashtirib ishlatish o'ta noqulay. O'zimning maqolalarim bunga bir misol. Qo'shtirnoqlar to'lib ketadi. Ayniqsa ingliz tilida so'zlar yozilishi va o'qilishi har xil. O'zbekcha matnga bunaqa so'zlarni hadeb kiritaverish o'zbek tilining saviyasiga ham ta'sir qiladi. Tilni hurmat qilish kerak.
O'zbek tilining shu sohadagi lug'ati ingliz tiliga tobe bo'lib qolishi yaxshi emas.
Polshada dasturlash bo'yicha barcha kitoblar tarjima qilingan. Atamalar deyarli to'ligicha polyakchaga tarjima qilingan. Bu fakt axborot texnologiyalari sohasi polyak millatning o'zida qanchalik rivojlanganidan dalolat beradi. Ana endi mana shu mezon bilan o'zbek tiliga nazar solaylik. Juda achinarli.