Google/Alphabet’ning o’zi yurar avtomobillar ustida ishlovchi Waymo nomli kompaniyasi bor. Yanvar oyi boshlarida menga LinkedIn’dan rekruter aloqaga chiqib, Waymo’ga ishga topshirib ko’rishni taklif qildi. Boshida shunchaki rad javobini bermoqchi edim. Chunki ochiq vakansiya “C++ Backend” roli uchun edi! Men esa frontendchi! 😬
(Balki hozir Pinterest kompaniyasida seńior dasturchiligim ko’zga tashlangandir?)
Suhbatlardan oldin
Rekruter bilan gaplashdik. Backend yo’nalishiga qiziqishim va shaxsiy loyihalarim borligini aytgach menga imkon berishishini aytdi. 1-suhbat, “phone screening”ni kunini belgilab oldik. Suhbat kuni esa men vaqtni adashtirib suhbatni o’tkazib yubordim! 🤦♂️
Juda sharmandali holat. Lekin uzr so’rab, vaziyatni tushuntirib, suhbatni qayta belgilashni iltimos qildim. Baxtga ko’ra meni tushunishdi va suhbatni qayta belgiladik.
Suhbat jarayonlari
O’rtada NDS bor shuning uchun tushgan savollarni aytolmayman.
Umuman olganda suhbatlar juda qizg’in bo’ldi. Savollar o’ta qiyin ham, unchalik oson ham emas edi. LeetCode medium? 🤔
Har holda o’zimdan ko’nglim to’ldi. Chunki 6 oy oldin Goolge’ga topshirganimda 1-suhbatdan ham o’tolmagandim. Savol qiyinchiligi esa deyarli bir xil edi.
Taassurotim shuki, ular meni suhbat qilarkan, ko’proq “soft skill”larimni tekshirishdi. Texnik bilimlarimni ham yaxshigina tegirmonga solishdi-yu, ammo muloqot qilish ko’nikmalarimga ko’proq bosim tushganini sezdim. Negaki ko’proq meni gapirtirishdi. Men ham ilhomlanib gapiraverdim, gapiraverdim. Shunday vaziyat bo’ldiki qo’shimcha savollarga hojat qoldirganimni aytishdi. 🥲
Suhbatlardan so’ng
Hali “offer” olganimni aytishmasdan, “team matching” ya’ni ma’lum jamoaga qo’shilishim haqida muhokamani boshlab yuborishdi. O’zi yurar avtomobillar saqlanuvchi va quvvatlantiriladigan depolar sistemasiga mas’ul jamoaga taklif qilishdi. Chunki u yerga frontenddan xabari bor odam juda mos kelar ekan. Menga ham jamoa juda yoqdi va rozi bo’ldim.
Offer
Mart oyi keldi. Rekruter bilan bo’lgan keyingi qo’ng’iroqlarimizda kompensatsiya ya’ni oylik masalasini gaplashishni boshladik. Ular taklif qilgan ilk summa hozir Pinterest’da olayotgan summadan kamroq lekin juda yaqin edi. Frontend sohasidan boshqa sohaga o’tayotganim uchun savdolashishni o’rinli deb bilmadim. Garchi bu noto’g’ri fikr bo’lsa-da.
Rekruterga aytilgan summa bo’laverishi aytganimda, “yo’q, man o’zim ko’proq so’rab beraman” dedi. Va hozirgi maoshimdan ko’proq summagacha chiqarib berdi! 😄
Shundan so’ng meni suhbatlardan muvaffaqiyatli o’tganim bilan tabriklab, “offer” e-mailni jo’natishini aytdi. Men ham bundan juda xursand ekanimni aytdim.
Keyin…
Unchalik chuqur bo’lmagan mulohazalardan keyin, “offer”ni rad etishga qaror qildim.
Sababi shaxsiy bo’lgani va kengroq kontekst talab qilishi uchun ham chuqurlashmayman.
Bu ish Polshada, Varshavada. Agar “offer”ni qabul qilsam, oilamdan kamida 3-4 oy uzoqda yashashimga to’g’ri keladi. 2 yildan beri bir oyog’i O’zbekistonda, ikkinchisi Polshada bo’lgan odam sifatida, ortiq bunday yashab bo’lmasligini tushundim. Google’ga ishga kirishim viza masalasidagi qiyinchiliklarimizga yengillik kiritadi degan umidda edim. Lekin o’z-o’zini aldash ham evi bilan.
Xullas o’rtadagi tanlov — oila va karyera. Tanlov esa aniq!
Bundan tashqari, eng katta savol bu keyingi hayot. Xo’p, vizalarimiz bor deylik. Polshada oilam bilan yashashni xohlaymanmi o’zi? 5 yil umrim Polshada o’tdi. Bir o’zingiz yashashingiz uchun yaxshi joy deya olaman. Chunki o’z muammongiz, o’z muammongiz. Lekin men ko’ngil hotirjamligini, hech qanday hashamatga alishtirmayman. Ayniqsa gap oilangiz haqida bo’lsa.
Shu sabab Pinterest’dagi ishimdan ham ketish niyatidaman. Sizga aytsam, chet davlatlariga sayohat uchun borish, bu eng afzali!
P.S. Mulohaza
Anchadan beri frontend yo’nalishida ishlab kelaman. Lekin C++ ga kabi quyi darajadagi tillarda, frontenddan boshqa sohalarga o’tish istagim juda kuchli. Ko’p marotaba C++ va backend pozitsiyalarga ishga topshirib ko’rganman. Olishmagan. Chunki professional tajribam frontendda.
Waymo’dagi ish karyeramda katta burilish yasash uchun juda ajoyib imkoniyat edi. Rezyumeda Google’da ishlagan degan yozuv bo’lishi kichkina narsa emas. Bunday imkoniyam yana bo’ladimi? Xudo biladi. Tanlovimdan keyinchalik afsuslanamanmi? Menimcha yo’q.
Google’da ishlash mening orzuim, aniqrog’i havoi nafsim istagi. Avtoritetni kimam xohlamaydi deysiz? Murakkab loyihalarda ishlash, men uni ustida ishlayman, uni qilaman, buni qilaman deyish qanchalik maza, a? Kibrni qitiqlaydi!
Lekin insonda orzu bo’lishi ham kerak. Aslida to’g’ri orzu qilishni bilish kerak. Buni xuddi biladigandek yozib qo’ydim. Bilmayman. Bilganim, noto’g’ri orzular bor. Shularni ajratishni o’rganaylik. Faqat o’zimizni o’ylashdan to’xtaylik. Dunyo hayotimizda ichimizdan faqat ovqat o’tkazish bilan shug’ullangan bo’lib qolmaylik! Insonlarga foydamiz tegsin, eng manfaatli amallarni qilishga intilaylik.